“Zarafshon” savdo markazi
ARXIV FOTOSURATLAR
1950-yillarda Toshkent oʻzini “Sovet Sharqi”ning poytaxti sifatida koʻrsata boshladi. U turli xalqaro forumlarga faol mezbonlik qildi va sayyohlar uchun mashhur manzilga aylandi. Shu munosabat bilan shaharning xalqaro maqomiga mos keladigan umumiy ovqatlanish korxonalariga ehtiyoj ortib bordi. Yangi restoranlar sayyohlar kelib turadigan tabiiy joylarda – yangi “Toshkent” mehmonxonasi (1956) va “Toshkent” aeroporti (1955) yoki “Bahor” restorani (1958) kabilar shaharning qoq markazida paydo bo‘ldi. 1959-yildan boshlab, ko‘proq kafe va restoranlar qurila boshlandi va eng muhimi, ular shaharliklarning o‘zlari uchun mo‘ljallangan edi.“Zarafshon” restorani shaharning asosiy restorani sifatida yaratilgan va butun shahar dahasini egallagan. Bu nafaqat aholining dam olish maskani, balki muhim ijtimoiy-madaniy tadbirlar, kasbiy bayramlar, tantanali ziyofatlar o‘tkaziladigan maydonga aylanishi kerak edi. Restoranda 800 o‘rinli asosiy zal va umumiy sig‘imi 250 o‘rinli banket zallaridan tashqari milliy taomlar zali, kokteyl zali, kafe, choyxona, kabobxona, “Muzqaymoq” yozgi kafesi, kafeteriy, vino bari, shuningdek, yarim tayyor va qandolat mahsulotlari do‘konlari, pazandachilik mahsulotlari va buyurtmalar stoli ham bo‘lgan.Restoran binosini loyihalash ishlariga me’mor Vladimir Spivak rahbarlik qilgan. Uning jamoasi qiyin rejalashtirish vazifasiga duch keldi: muassasaning ulkan ko‘lamini hisobga olgan holda, turli zallarga tashrif buyuruvchilar bir-biriga halaqit qilmasligi hamda ish hududlarining joylashtirilishi, ovqat tayyorlash va taomlarni zallarga yetkazib berishni oqilona tashkil qilish uchun konfiguratsiyani o‘ylab topish kerak edi. Konstruktivizmning tajribaviy ruhini qisqacha jonlantirgan me’morlar oziq-ovqat tayyorlashning markazlashtirilgan usullari va tayyor hamda yarimtayyor oziq-ovqat mahsulotlarini sotish bilan bog‘liq yangi texnologik g‘oyalarni muhokama qildilar.Talabchan modernizm me’morchiligi tarixiy ma’lumotlar va an’anaviy Markaziy Osiyo bezak unsurlaridan mahrum edi. Asosiy hajmlar ustunlarga qo‘yilgan bo‘lib, qiyali sirt (pandus)lar bilan o‘zaro bog‘langan. Binoning baynalmilal uslubda bo‘lishiga qaramay, u xuddi toshkentcha binoga o‘xshab, yaqin atrofdagi Bilimlar uyi, Nashriyotlar binosi va sobiq DXQ majmuasi uslubiga mos tushdi. Uchinchi qavatning balandligigacha ko‘tarilgan qurilmalar, hajmli ustunlar ostidagi hovlichalar va binoning g‘arbiy (fasad) qismidagi ajoyib quyoshdan himoya qiluvchi bo‘rttirilgan panjara o‘ziga xos “janubiy xususiyat”ni kasb etgan.Janubiy, sharqiy va shimoliy tomon (fasad)lar Zarafshon daryosi tasvirlangan ulug‘vor devoriy surat bilan bezatilgan va restoran nomi shundan olingan. Talabchan modernistik tashqi ko‘rinish (eksteryer)dan farqli o‘laroq, binoning ichki makoni (interyeri) 1970-yillarning eklektik bezaklari bilan to‘ldirilgan. Restoranning asosiy zali bezakli rasmlar, an’anaviy ganch o‘ymakorligi, uchburchak va to‘rtburchak hajmli unsurlardan iborat osma shift, zalning ba’zi qismlarida shisha lampalarning gulchambarlari va boshqa qismlarida alohida lampalar bilan bezatilgan.1990 – 2000-yillarda majmua ko‘plab o‘zgarishlarni boshdan kechirdi, bu uning me’morchiligi va ichki makoni (interyeri)ni tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirdi. Bino ko‘plab ijarachilar tomonidan bo‘lib olingan, ular o‘z xohishlariga ko‘ra, xonalarni qayta qurib olishgan. 2010-yilda amalga oshirilgan rekonstruksiya natijasida majmua granit ustunli arklar majmuasi va tilla suvi yugurtirilgan ustun qoshlari bilan o‘ralgan, ustunlarga osilgan ikkinchi qavat hajmlari ostidagi makonlar keyinroq qurilgan bo‘lib, bu esa binoni yengillik va jo‘shqinlik kabi asl ko‘rinishidan mahrum qilgan.
Zamonaviy suratlar